JAMIYAT FAOLIYATINING PREDMETI VA MAQSADLARI

Jamiyat aholi, tashkilotlar va davlat ehtiyojlarini sifatli va ishonchli pochta aloqasi bilan ta'minlash maqsadida tuzilgan hamda O'zbekiston Respublikasi pochta aloqasining milliy operatori hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, Jamiyatning asosiy maqsadi quyidagilar hisoblanadi:

aholi, tashkilot va davlat ehtiyojlarini sifatli va ishonchli pochta aloqasi bilan ta'minlash;

vositalar hamda tarmoqlarni zamonaviylashtirish va texnik qayta ta'minlash dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, pochta aloqasi sohasidagi jahon yutuqlarini tizimga joriy etish;

bozor islohotlarini yanada rivojlantirish, O'zbekiston Respublikasi pochta aloqasini jahon pochta aloqasi tarmog'iga integratsiyalashuvini ta'minlash;

pochta aloqasi xizmatlarining monitoringini o'tkazish, bozor islohotlarini chuqurlashtirish, pochta aloqasi tarmoq va texnologiyasini rivojlantirish va takomillashtirish uchun sarmoyalarni, jumladan chet el sarmoyalarini jalb etish;

pochta aloqasi tarmog'ini barqaror ishlashini ta'minlash maqsadida Jamiyatning tarkibiy bo'linmalarini boshqarish.

 

Jamiyat faoliyatining asosiy yo'nalishlari:

pochta aloqasi xizmatlari bozoridagi talabni qondirish, respublikaning butun hududidagi barcha foydalanuvchilar uchun yagona qoidalar va talablar asosida majburiy tartibda pochta aloqasi universal xizmatlari ko'rsatish;

pochta aloqasi sohasida iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, uni xo'jalik yuritishning bozor sharoitlariga o'tkazish, ko'rsatiladigan xizmatlar turlarini kengaytirish;

pochta aloqasi xizmatlari va qo'shimcha xizmatlar ko'rsatish uchun pochta aloqasi tarmoqlari va vositalarini erkinlashtirish hamda rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish, ularni foydalanuvchilarga yaqinlashtirish;

pochta jo'natmalarini, pochta orqali pul mablag'lari jo'natmalarini xalqaro ayirboshlashni tashkil etish va amalga oshirish, shuningdek O'zbekiston Respublikasi hududida Umumjahon pochta ittifoqining hujjatlaridan kelib chiquvchi majburiyatlarni bajarish;

pochta aloqasi tarmoqlarida yozishmalarning maxfiyligini va pochta xavfsizligini ta'minlash;

marketing tadqiqotlarini tashkil etish, bozor kon'yunkturasini hisobga olgan holda past narxlardagi xizmatlarning yangi turlarini joriy etish yo'li bilan pochta xizmatlari bozoridagi raqobatbardoshlilikni oshirish;

pochta aloqasi sifati va ishonchliligini oshirish uchun axborot texnologiyalarini qo'llanish;

pochta aloqasi sohasida mutaxassislar tayyorlashning yuqori darajasini ta'minlash.