20 iyun kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga diplomlar topshirildi.
Tantanali tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Vazirlik tarkibidagi korxonalar rasmiy vakillari, shu jumladan ,«O'zbekiston pochtasi» AJ mutasaddi shaxslari, universitet fakulteti va, albatta, bitiruvchilarning yaqinlari ishtirok etdi.
An'anaga muvofiq, magistrantlar mantiya va maxsus bosh kiyimlarini kiygan holda qatnashdilar.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxadjayev o’z nutqida bugungi kun bitiruvchilari yaqin kelajakda o'z bilim va g'oyalari bilan mamlakatimiz vazirlik va idoralari, xalqaro kompaniyalarida etakchi mavqeiga erishishlariga umid bildirgan holda, kelajakdagi ishlariga omad tiladi.
"O'zbekiston pochtasi" AJ Moliya bo’yicha direktori Saidg’ani Nasretdinov ham shaxsan o’qishni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni diplomlar bilan taqdirladi.
Bitiruvchilar universitet rektori, o'qituvchilari va oila a’zolariga olgan bilim, tajriba va ta'lim olish uchun mukammal shart-sharoitlar yaratganlari uchun o'z minnatdorchiliklarini bildirishdi.
Ushbu kun "yangi mutaxassislar"ning umrbod yodida qoladi. Biz ulardan yangi g'oyalar, kashfiyotlar va yutuqlarni kutmoqdamiz. Umid qilamizki, ular magistrlik dissertatsiyalari bo’yicha AKT sohasini rivojlantirishga o’z hissalarini qo’shadilar.