Increase size
Reset to Default
Decrease size
25.10.2019 y.

Joriy yilning 25 oktabr kuni "O'zbekiston pochtasi" AJda Bosh direktor v. b. A. Fayzullayevning "ALSKOM" sug'urta kompaniyasi Bosh direktori T.Iminov bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi.

Suhbat chog'ida O'zbekiston pochta bo'limlari tomonidan sug'urta xizmatlari ko'rsatish bo'yicha qo'shma loyihalar amalga oshirilishi borasida mamnuniyat bildirilib, ikki tashkilotning o'zaro hamkorligini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, pochta bo'limlari xodimlari tomonidan ko'rsatilayotgan sug'urta xizmatlari ro'yxatini kengaytirish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.

Shu munosabat bilan "ALSKOM" SK rahbariyati sug'urta agentlari faoliyatining o'ziga xos xususiyatlari bilan tanishtirish va turli xil sug'urta xizmatlarini ko'rsatish ko'nikmalarini o'rgatish maqsadida respublikaning barcha hududlarida pochta xodimlari uchun o'quv kurslarini tashkil etish va o'tkazishda yordam ko'rsatishga tayyorligini bildirdi. Bundan tashqari, "ALSKOM" SK ayrim pochta bo'limlarini kompyuter texnikasi bilan jihozlash, shuningdek, pochta orqali ko'rsatiladigan sug'urta xizmatlari ro'yxatini kengaytirish, jumladan, innovatsion xizmat turlari masalasini o'rganadi. Pochta jo'natmalarini sug'urtalashni qayta tiklash, pochta ob'ektlari va transportini sug'urtalash masalasini ko'rib chiqish taklif etildi.

Uchrashuv yakunida Bosh direktor v.b. A.Fayzullayev va "ALSKOM" sug'urta kompaniyasi Bosh direktori T.Iminov "O'zbekiston pochtasi" AJ va "ALSKOM" SK o'rtasida hamkorlik to'g'risidagi Bosh kelishuvni imzoladilar.

Ushbu bitim imzolanishi pochta orqali taqdim etiladigan sug'urta xizmatlari doirasini sezilarli darajada kengaytirish va aholiga, shu jumladan, qishloq va olis tumanlarda istiqomat qiluvchi aholiga xizmat ko'rsatish sifatini yaxshilashga xizmat qiladi degan fikr bildirildi.