Версия для печати
07.10.2020 y.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video rolik bo’yicha rasmiy munosabat

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo`layotgan anonim shaxs tomonidan keltirilgan video rolik to`g`risida quyidagilarni ma`lum qilamiz:

“O`zbekiston pochtasi” Aksiyadorlik jamiyati tomonidan mazkur video rolik bo`yicha tegishli o`rganish ishlari olib borildi.

Mazkur video rolikda fuqaro AQSh (Vashington shtati) dan ekanligini bildirib, ismini Jessika deb tanishtirgan ayol joriy yil sentyabr oyida O`zbekiston Respublikasidan qiymati 1000 AQSh dollaridan kam bo'lmagan miqdordagi chinni buyumlar solingan jo`natmalarni AQShga yuborganligini va 5 oktyabr kuni olganini hamda jo`natmaning bir qismi shikastlangani va (ijtimoiy tarmoqlarda o`g`irlangan deb talqin qilinayotgan) ikkinchi jo`natma yo`qolganini ma`lum qilgan.

Bojxona deklaratsiyalarini o`rganish jarayonida “O`zbekiston pochtasi” Aksiyadorlik jamiyati tomonidan joriy yilning sentyabr oyida O`zbekiston Respublikasidan AQShga 2 ta qiymati e`lon qilingan pochta jo`natmalari (jo`natmalarning bojxona deklaratsiyasi ilova qilinadi) chinni buyumlar solingan idishlar yuborilganligi aniqlangan.

Ushbu jo`natmalar Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro T.M tomonidan AQShning Vashington shtatida ta'lim oluvchi o'g'li E.J nomiga yuborilgan (fuqaro Jessika bilan mijoz E.J. o'rtasidagi bog'liqlik bizga ma'lum emas) bo'lib, jo'natmalarning har biri 100 000 so`m (ta’kidlanayotgan 1000 AQSH dollari) miqdorida qiymati e`lon qilingan.

Mazkur jo`natmalarni pochta aloqasi ob’yektida qabul qilish jarayonida pochta aloqasi hodimi tomonidan mijozga jo’natmalarni uzoq masofaga jo’natayotganligi uning ichidagi jo`natmaga shikast yetmaydigan darajada o`rash kerakligi, aks holda jo`natmalarga zarar yetishi mumkinligi eslatib o`tilgan.

Shuningdek, pochta aloqasi hodimi qo`shimcha haq evaziga maxsus tarzda o`rovlash hizmati tavsiya etilgan, lekin mijoz shaxsan o’zi o’rovlagan jo’natmalarni taqdim etgan. Jo`natmalarni qabul qilish jarayonining video yozuvlari mavjud. Fuqaro Jessika o`z videosida jo`natmalar tegishli ravishda o`ralmagan holda jo`natilsa pochta jo`natmalariga kafolat berilmasligi to`g`risida ogohlantirilganligini aytib o'tgan.

Shuningdek, fuqaro Jessika unga jo`natmalar bo`yicha treking uchun shtrix-kod berilmaganligini ma`lum qilgan. Jo`natmalar bo`yicha treking uchun shtrix-kod belgilangan qoidalarga muvofiq jo`natuvchiga beriladi, bu ilovada keltirilgan bojxona deklaratsiyasida ko`rsatilgan.

Jo`natuvchiga 2 ta jo`natma uchun berilgan maxsus shtrix-kod orqali jo`natmalarning yuborilish holati pochta jo`natmalarini kuzatish bo`yicha maxsus sayt orqali o`rganilib chiqilganda, birinchi jo`natma 2020 yil 5 oktyabr kuni oluvchiga topshirilganligi ma`lum bo`ldi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqda ikkinchisi o`g`irlangan deb ta’kidlanayotgan jo`natma 6 oktyabr kuni mijozga topshirilgan, buni kuzatish bo`yicha maxsus sayt tasdiqlaydi (saytdan olingan).

Bugungi kunda butun dunyoda pandemiya munosabati bilan avia qatnovlar ba’zi bir davlatlarga vaqtinchalik to`xtatilgan bo`lib, O`zbekiston Respublikasidan AQShga to`g`ridan-to`g`ri avia qatnovlar yo`qligi bois Koreya Respublikasi (Seul shahri) orqali AQShga yetkazib berilmoqda. Mazkur holatga o`xshagan vaziyatlar dunyoning boshqa mamlakatlaridagi pochta kompaniyalari tajribasida ham uchrab turadi. Shu sababli mijozlar manfaatini himoya qilish maqsadida, Umumjahon pochta ittifoqi Konvensiyasi reglamentining 17-237-bandiga muvofiq, barcha pochta jo`natmalari ichidagi jo`natmaga shikast yetmaydigan ravishda qadoqlangan, shuningdek, shisha yoki boshqa mo`rt jo'natmalar pochta qutilariga joylangan va tegishli himoyalangan materiallar bilan o`rovlangan holda yuborilishi lozimligi belgilangan.

Reglamentga muvofiq jo`natmaga shikast yetkazilgan holatlar yuz bergan taqdirda, mijoz tomonidan pochta xizmatlarini ko`rsatuvchi kompaniyaga rasmiy murojaat qilinishi lozimligi va murojaat belgilangan tartibda milliy pochta operatori tomonidan ko`rib chiqilishi belgilab qo`yilgan. AQShda mazkur holat yuzasidan USPS kompaniyasiga murojaat etish talab etiladi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Umumjahon pochta ittifoqi Konvensiyasi Reglamentining 22-bandiga muvofiq pochta jo`natmalarini xizmat ko'rsatuvchi tashkilotlar tomonidan yuborish jarayonida xatoliklarga yo`l qo`yilganligi aniqlansa, belgilangan tartibda kompensatsiya to`lovi undirilishi ko`rsatilgan.