Версия для печати
04.12.2020 y.

Joriy yilning 5 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida milliy pochta tizimini isloh qilish masalasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan edi. Ushbu yig‘ilish jarayonida bir qator topshiriq va vazifalar berilgan bo‘lib, shulardan biri pochta aloqasi obʼektlarida davlat xizmatlari ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yishni tashkil etish topshirilgan.

Shu bois hududlarda yashovchi aholiga davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etish katta ahamiyatga egadir. Bugungi kunda davlat xizmatlarini ko‘rsatish asosan viloyat va tuman markazlarida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tumanlarning chekka hududlarida yashovchi aholi davlat xizmatlaridan foydalanish uchun uzoq masafalarni bosib o‘tishga majbur bo‘lmoqda. Bu kabi noqulayliklarni bartaraf etish uchun ushbu xizmatlarni pochta aloqasi bo‘limlarida yo‘lga qo‘yish orqali aholi o‘ziga yaqin bo‘lgan pochta aloqasi bo‘limlariga borib davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shu sababli, joriy yilning 4 dekabr kuni Toshkent viloyati, Toshkent tumani «Ko‘kterak» MFY hududida «O‘zbekiston pochtasi» АJning Toshkent filialiga qarashli “Ko‘kterak” pochta aloqasi bog‘lamasi binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur binoda aholiga barcha turdagi pochta xizmatlari bilan birga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalangan holda 15 turdagi davlat xizmatlaridan ham foydalanishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Endilikda “Ko‘kterak” MFY hududida yashovchi yurtdoshlarimiz tuman markaziga kelmasdan turib STIRni aniqlash, yuridik va jismoniy shahslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning soliqdan qarzi mavjud emasligi to‘g‘risida maʼlumotnoma, sudlanganlik haqida maʼlumotnoma berish, manzil-maʼlumot axborotlarini taqdim etish, FXDYo organlari tomonidan arxiv hujjatlarini berish, Fuqarolarni pensiya tizimida hisobga qo‘yish, fuqarolarning ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risidagi maʼlumotnoma berish, fuqarolarning narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risida maʼlumotnoma berish, bolalarni davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga qabul qilish, fuqarolarning nomida shaxsiy uy-joyi borligi yoki yoʼqligi to‘g‘risida maʼlumotnoma, tug‘ilganlik haqida maʼlumotnoma olish, o‘lim xolatini ro‘yxatga olinganligi haqida maʼlumotnoma olish kabi xizmatlarni mazkur pochta aloqasi bo‘limining malakali mutaxassislari ko‘magida olishlari mumkin.