Версия для печати
15.12.2020 y.

Joriy yilning 5 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida milliy pochta tizimini isloh qilish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda, tizimni daromadli sohaga aylantirish choralari muhokama etilgan va kechiktirib bo‘lmaydigan bir qator vazifalar belgilangan edi.

Mazkur yig‘ilishda pochta aloqasi sohasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari ham belgilab olingan edi.

2020 yil 5 oktyabrda o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlarning ijrosini ta'minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Qaror loyihasi tayyorlandi. Mazkur Qaror loyihasi 2020 yil 14 dekabrda Davlatimiz rahbari tomonidan imzolanib, qabul qilindi.

Mazkur Qaror bilan:

Sohani rivojlantirish hamda yangi turdagi xizmatlarni joriy etish maqsadida “2021–2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasida pochta aloqasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” hamda “2021-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida pochta aloqasi sohasini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari” tasdiqlandi.

Umumjahon pochta ittifoqining Pochta rivojlanishi indeksi global reytingida bugungi kunda O‘zbekiston 93-o‘rinda ekanligini e'tiborga olib, pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, pochta aloqasi xizmatlarini taqdim etish faoliyatini to‘liq avtomatlashtirish orqali Pochta rivojlanishi indeksi global reytingida mamlakatimizning tutadigan o‘rnini 2025 yilgacha birinchi 50 talikka kiritish vazifasi belgilandi.

Shu bilan birga, mazkur qarorda quyidagilarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan:

- “Gibrid pochta” xizmatini rivojlantirish va ish unumdorligini oshirish hamda pochta jo‘natmalariga ishlov berish jarayonida qo‘l mehnatini qisqartirish;

- pochta jo‘natmalarini yetkazib berishdagi logistika tizimini qayta ko‘rib chiqish, bunda elektroskuterlar orqali pochta jo‘natmalarini manzilgacha yetkazib berish. Buning uchun 500 ta elektroskuter xarid qilish;

- xalqaro darajadagi yirik kompaniyalar va mahalliy xususiy kompaniyalarning jo‘natmalarini “yakuniy manzil”ga yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘yish;

- elektron tijorat bozorida faol ishtirok etish maqsadida, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini onlayn sotish va mijozlarga yetkazib berish bo‘yicha “Milliy onlayn savdo maydonchasi”ni ishga tushirish;

- elektron tijoratda keng imkoniyatlarga ega bo‘lgan logistika markazlarini qurish orqali internet-savdo maydonchalari egalariga o‘z mahsulotlarini saqlash, ya'ni omborxona muammosini hal etish;

- olis va chekka hududlarda yashovchi aholiga bank xizmatlaridan foydalanishlariga qulayliklar yaratish maqsadida pochta aloqasi bo‘limlarida autsorsing asosida bank xizmatlarini ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish;

- olis va chekka hududlarda yashovchi aholiga davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish maqsadida pochta aloqa bo‘limlarida bazaviy davlat xizmatlarini yo‘lga qo‘yish;

- xizmat ko‘rsatish jarayonlarini to‘liq avtomatlashtirish, mavjud axborot tizimlarini to‘liq modernizasiya qilish va mijozlarga qulayliklar yaratish maqsadida, aholi gavjum joylarini o‘z o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi, mijozlar uchun qulay kunu-tun (24/7) ishlaydigan qurilma (pochtamat)lar bilan ta'minlash kabi vazifalar belgilangan.

Shular bilan bir qatorda, “Pochta aloqasi to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunning yangi tahririni ishlab chiqish vazifasi topshirilgan.

Mazkur qarorning qabul qilinishi “O‘zbekiston pochtasi” AJ tizimini zamonaviy texnologiyalar asosida transformasiya qilish ishlarini jadallashtirish va rivojlantirish yo‘lida dasturiy amal bo‘lib xizmat qiladi.