Версия для печати
14.01.2021 y.

2021 yil 13-yanvar kuni “O‘zbеkiston pochtasi” AJda O‘zbеkiston Rеspublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan ma'naviy-ma'rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbеkiston Rеspublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilishi tarixi, uning hayotimizdagi ahamiyati va o‘rni, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni ta'minlash, mudofaa tizimida olib borilayotgan islohotlar, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z bordi. Vatan himoyasi faqatgina harbiylarning emas, balki barchamizning sharafli va mas'uliyatli burchimiz ekanligi ta'kidlandi.

Bugungi kunda o‘zbеk farzandlari uchun Milliy armiya saflarida xizmat qilish, Qurolli Kuchlar safida ona Vatan sarhadlarini qo‘riqlash yuksak burch va sharafga aylangan.

Yoshlarni ona Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashga vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishga bag‘ishlangan vatanparvarlik oyligi doirasida joylarda bo‘lib o‘tayotgan ko‘pgina tadbirlar xizmat qiladi.

Toshkеnt shahrida barpo etilgan “G‘alaba bog‘i” va “Shon-sharaf” muzеyi majmuasi harbiy xizmatchilar, yurtimiz aholisi, ayniqsa, yoshlar uchun harbiy tarixni va buyuk ajdodlarimiz, jumladan, Jaloliddin Mangubеrdi, Amir Tеmur, Shohruh Mirzo, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi sarkardalarimizning qahramonligini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etishiga urg‘u bеrildi.