Bugungi kunda butun dunyoda iqtisodiyot tarmoqlarining o‘zgarishi va bu jarayonlarning raqamlashuvi, mobillashuvi, sohaga sunʼiy intellektning joriy etilishi bilan bog‘liq muhim davr boshdan kechirilmoqda. Eʼlon qilingan statistik maʼlumotlarga ko‘ra 2022 yilga kelib butun dunyoda yalpi ichki maxsulot (YaIM)ning qariyb chorak qismi raqamli sektorga to‘g‘ri kelishi prognoz qilinayotgan bir sharoitda yangi iqtisodiyotni rivojlantirish zarurati yuzaga keltirmoqda. Bu bo‘yicha yurtimizda bir qator amaliy ishlar, yangi loyihalar ustida ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugun ayni mavzu doirasida “O‘zbekiston pochtasi” aktsiyadorlik jamiyati xodimlarining malakasini oshirish o‘quv markazida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “Pochta aloqasi texnologiyasi” kafedrasining dotsenti, iqtisodiyot fanlari nomzodi Zuxra Otaqo‘zieva tomonidan “Raqamli iqtisodiyot, uning rivojlanishi va muammolari” mavzusidagi o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Mashg‘ulot videokonferentsaloqa tizimi orqali tashkil etildi.
Eʼtiborlisi, o‘quv mashg‘ulotlarida raqamli iqtisodiyotning dunyodagi rivojlanish tendentsiyalari, O‘zbekistonda bu jarayonlarning rivojlanish istiqbollari, raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan masalalar bo‘yicha maʼlumotlar berildi.
Mashg‘ulotda “O‘zbekiston pochtasi” АJ Ijroiya organi xodimlari, viloyatlar filiallari rahbarlari hamda pochta bog‘lamalari xodimlari ishtirok etdilar hamda o‘zlarining bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini boyitdilar.