2021 yil 12 oktabr kuni Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida sayyor qabul o‘tkazildi. Ochiq muloqotda “O‘zbekiston pochtasi” AJning Pochta xavfsizligi bo‘yicha direktori F.Axmedov, Jamiyat mas’ul xodimlari, Qashqadaryo filiali rahbariyati va Shahrisabz pochta aloqasi bog‘lamasining rahbar xodimlari, Shahrisabz tumani mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash jamg‘armasi vakillari, Shakarteri, Soybo‘yi, Shovkan qishloqlarida yashovchi fuqarolar ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida “O‘zbekiston pochtasi” AJning Pochta xavfsizligi bo‘yicha direktori F.Axmedov pochta aloqasi xizmatlarini zamon talablaridan kelib chiqib takomillashtirish bugunning eng ustuvor masalalaridan biri ekanligiga alohida urg‘u berib o‘tdi.
Shundan so‘ng Jamiyat vakillari va Qashqadaryo filiali direktori O.Maxmudov pochta aloqasi xizmatlarini takomillashtirish bo‘yicha 2021-yil o‘tgan davri mobaynida Qashqadaryo filiali va Shahrisabz pochta aloqasi bog‘lamasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar bo‘yicha yig‘ilish ishtirokchilariga ma’lumot berdi.
Sayyor yig‘ilishda Shahrisabz fuqarolar va jamoatchilik vakillari o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan bevosita mas’ul rahbarlarga murojaat qilib, ular yuzasidan javob olishdi.
Murojaatlar asosan pochta aloqasi ob’ektlarida yo‘lga qo‘yilgan yangi xizmat turlaridan foydalanish imkoniyatlari, soliq va boshqa turdagi to‘lovlarni pochta bo‘limlari orqali to‘lashda jamiyat tomonidan ishga tushirilgan to‘lov tizimlarida kuzatilayotganligi kamchiliklar bilan bog‘liq bo‘ldi. O‘rtaga tashlangan ayrim muammolar shu kunning o‘zida ishchi guruh tomonidan joyiga chiqib, ijobiy hal etildi, o‘rganish talab qilinadigan murojaatlar nazoratga olindi, filialning mas’ul rahbarlariga esa tegishli ko‘rsatmalar berildi.