Bugungi kunda O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotining eng faol ishtirokchilaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston nafaqat Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida turli sohalarni rivojlantirishga ko‘maklashmoqda, balki boshqa aʼzo davlatlar tomonidan ilgari suriladigan, umumiy manfaatlarga javob beradigan dolzarb takliflarni amalga oshirishda amaliy yordam berib kelmoqda.
Boshqacha aytganda, O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotining poydevori hisoblangan “Shanxay ruhi”ga muvofiq ravishda birdamlik tamoyillarini amalga oshirishga faol ko‘mak berib kelmoqda. So‘nggi besh yil maboynida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitlarida 50 ga yaqin o‘ta muhim tashabbusni ilgari surdilar.
Joriy yilning 15-16 sentyabrь kunlari ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahrida Shanhay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti o‘tkaziladi.
Sammitning asosiy siyosiy hujjati - Samarqand deklaratsiyasi loyihasida mamlakatlarning eng muhim mintaqaviy va global muammolar bo‘yicha mujassamlashgan pozitsiyalari o‘z ifodasini topgan. Mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va barqaror iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, transport aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, madaniy muloqotni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma yondashuvlar belgilab berilgan.
Samarqand sammiti Shanxay hamkorlik tashkilotining xalqaro nufuzini yanada mustahkamlash va tashkilot doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim tarixiy bosqich bo‘lishi shubhasizdir.
Ushbu muhim voqea munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashabbusiga ko‘ra “O‘zbekiston pochtasi” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotining sammitiga bag‘ishlangan maxsus pochta markasi (pochta bloki ko‘rinishida) tayyorlanib, 2022 yil 12 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan muomalaga kiritildi.
Pochta markasida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo bo‘lgan Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston davlatlarining bayroqlari, Shanxay hakorlik tashkilotining Samarqanddagi sammitiga bag‘ishlangan logotipi hamda Samarqand shahrining gerbi tasvirlangan.
Pochta markasining orqa fonida esa, O‘zbekistonning Sharq durdonalari sifatida tan olingan qadimiy Samarqand shahrining rasmiy markazi hisoblanmish “Registon” maydoni joylashgan.
Pochta markasi bir necha rangda ishlangan. Ofset usulida bosilgan. Perforatsiyasi taroqsimon. Qog‘ozi oq silliq. Pochta blokining o‘lchami 100x94mm. Pochta markasining o‘lchami 52x37mm. Аdadi 5 ming nusxa. Dizayner Gabbasov B.
Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitiga bag‘ishlab tayyorlangan pochta markasini so‘ndirish maqsadida Samarqand sammiti logotipi aks ettirilgan maxsus xotira shtempeli tayyorlandi.
Maxsus xotira shtempelining atrofida *O‘ZBEKISTON, SAMARQAND SHAHRI, 14.09.2022* tabdir o‘tkaziladigan sana va joyi ko‘rsatilgan. Shtempelning dioganali bo‘yicha o‘lchami 35 mm. Mastika rangi – qora. Dizayner Yusupaliev U.
Shanhay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitiga bag‘ishlangan pochta markasini maxsus xotira shtempeli bilan tantanali so‘ndirish marosimi faqat bir kun, 2022 yil 14 sentyabrda o‘tkaziladi.